jazolash

Bolani tushunish yo'li

Hech bir ota-ona bolasini urib yoki urshib katta qilishni istamaydi. Lekin barchamizga sir emas, bolasini biron marta urmagan ota-ona juda kam. Farzandimizni uramiz, keyin esa aynan urganimiz uchun o'zimizni ko'yib achinamiz. "Bolamni urgim kelmaydi, bolamni urushgim kelmaydi, lekin o'zi shunga majbur qiladi", deb o'zimizni oqlaymiz.

Biz hozir nega ota-ona bolasini jazolashi haqida emas, balki qanday qilib bolani urmaslik yoki urushmaslik mumkinligi haqida suhbatlashmoqchimiz. Axir bolaning ba'zi qiliqlari, faoliyati, gaplari uni jazolashga majburlaydiku...

Tadqiqotlarning ko'rsatishicha, bolani jazolashga yuzlab faktorlar sababchi bo'lar ekan. Qizig'i shundaki, biron faktor ham bolaga taaluqli emas, ya'ni jazolashga bolaning o'zi hech qachon sababchi bo'lmas ekan. 

Qanday qilib? "Axir u oynani sindirib yubordi, u 4 soatdan beri kompyuterdan boshini ko'tarmayapti, u qo'shni bolasini sochini yuldi, u onasini atir upasini to'kib yubordi, aynan u xolodilnikdagi ovqatni ag'darib ketdi, u televizorda yomon narsalar ko'rdi, u yana u va yana u", deymiz, lekin bu faqat muammoning yuzasi ekanligini tushunmaymiz. 

Bolaning yuqoridagi "xatolari" muammo emas, balki chuqur muammoning bir ko'risnihi, xolos. 

Bu chuqur muammo ota-ona bilan bola orasidagi munosabat dars ketganligidir. Bola 2 yosh bo'lmasin 20 yosh bo'lmasin, ota-ona bilan munosabatda bo'ladi, ana shu munosabat izdan chiqsa, bola ko'p jazolanadigan bo'lishni boshlaydi.

Munosabatlar nega izdan chiqadi? Ota-onasi bolasi deb shuncha ter to'ksa, mehnat qilsa, bor-yo'g'ini ayamasa, nega bola buni tushunmaydi?

Aslida bola ota-onani emas, ota-ona bolani tushunishi kerak. Hamma bolasini sevadi, bolasi deb dunyo ishlarini qilishga tayyor bo'ladi, ba'zilar bolasi bilan g'ururlanadi, kimdur bolasini boshiga o'tqazib yuradi, lekin bolasini tushunadiganlar juda kam.

Bolani esa tushunish kerak. Seving, ardoqlang, himoya qiling, lekin tushunmasangiz hammasi bir pul. Bolaning tilini, dilini, ehtiyojini tushuna olgan ota-ona har doim farzandi bilan a'lo munosabatlarda bo'ladi.

Ikki oylik bola onasini qo'lidan karavatga yotganda yig'laydi. "Kichkinagina bo'lib, halittan qo'lni bilib, ota-onasini qiynamoqda," degan gaplar chiqadi. Kulgilik emasmi? Ikki oylik bola ota-onasini o'ynatish uchun yoki ularni o'zini yonida ko'proq ushlab turish uchun rejali ish qila olmaydi, balki qo'lda yurish 2 oylik bolaning jismoniy va psixologik ehtiyoji bo'lgani uchun u shuni istaydi, xolos. Axir u go'dak, u hozir ayyorlikni qaerdan bilsin? U faqat o'z ehtiyojlarini qondirishni istaydi.

Uch yashar bolaga suv o'ynamaslikni ta'kidlaganingiz bilan imkoni bo'lsa o'ynaydi, chunki u bola. U sizga o'xshab kamida 20 yil yashab, ko'p suv o'ynash natijasida kasal bo'lib qolish mumkinligi haqida hali tushunmaydi, etsangiz ishonmaydi, u hozir miriqib o'z bolalik ehtiyojidan kelib chiqqan holda suvni o'ynamoqchi, xolos. Sizni ranjitish yoki sizni jahlingizni chiqarish uchun emas, bola bo'lgani uchun!

Sakkiz yashar bola uy ishini qilishdan ko'ra, televizor oldidan keta olmayotgan bo'lsa, u aqlsiz, ma'suliyatsiz yoki ota-onasini gapiga kirmaydigan inson emas, u bolalik gashtini surishni istayotgan bir go'dakdir, xolos.

On besh yoshli bola uyga kech kelishni odat qilib, ota-onasi chizib qo'ygan chizig'idan chiqib ketayotgan bo'lsa, bunga sabab ota-onasini jig'iga tegish yoki ularga nisbatan behurmatlik ko'rsatish emas, balki o'smir yoshdagi bolaning shaxsiy psixologik ehtiyojlarini qondirish, xolos.

Unday bo'lsa, bolaga hamma narsani ruxsat berib qo'yish kerakmi? Yo'q albatta. Muhimi ruxsat berish yoki bermaslik emas, muhimi bola biron ota-onasiga yoqmagan ish qilib qo'yganida uni jazolash emas, tushunish kerakligidir. Bolani tushungan ota-ona ruxsat bermaslik haqida o'ylamaydi, bolaga nega bu yaxshi emasligini tushuntirishni maqsad qiladi. 

Bola yomon, aqlsiz, odobsiz bo'lgani uchun yoki ota-onasini o'ynatish maqsadida emas, balki bola bo'lgani uchun, ota-onasi unga to'g'ri yo'lni ko'rsata olmayotganliklari uchun, nihoyat bolaning o'zi qiynalayotganligi uchun biron yomon ish qilib qo'yadi.

Bola gapga kirmaydigan bo'lib qoldimi, demak u yordamga muhtoj.

Bolasini sevib turib uradiganlar juda ko'p. Bolani tushunishni o'rganing. Bolaning qilib qo'ygan ishiga baho berishdan oldin, u hali go'dak, psixologik jihatdan o'ta nozik inson ekanligini eslang. Xato qilib qo'ygan bo'lsa, sizni ranjitish yoki qiynash uchun emas, bola bo'lgani uchun qilganligini tushuning. Yomon narsani so'rab injiqlik qilayotgan bo'lsa, aqli shunga yetmayotgani uchun emas, bola bo'lgani uchun istamoqda. Ellik marta bir narsa aytganingiz bilan qilmayotgan bo'lsa ham, maqsad sizni qiynash emas, balki bolalik ehtiyojini qondirish, xolos. 

Agar har bir ota-ona bolani tushunishni o'rganib olsa, bolaga qo'yadigan talablari biroz yumshar edi, bolaning qilgan ishlari esa ota-onaga nisbatan behurmatlik sifatida emas, bolalikning namoyondalari sifatida qabul qilinar edi.

Bola yaxshi yo'ldan yurishini istagan ota-ona, birinchi uni tushuna olishi kerak. Shundagina u bolaning ko'ngliga yo'l topa oladi, bolani qanday qilib shu holatda o'zgartirish mumkinligini topa oladi. 

{xtypo_quote}"Bolamni zo'r bog'chaga berdim" yoki "bolamga eng zo'r telefon olib berdim", deb emas, bolamni juda yaxshi tushuna olaman deb maqtaning.{/xtypo_quote} 

Ota-onasi uni tushunayotganini his qilgan bola, o'z ehtiyojlarini ham ularga to'g'ri izhor eta oladi, o'z qarashlariga nisbatan hurmat ko'rgan bola, ota-onasining qarashlarini ham hurmat qila oladi.

Bolani aqlli, odobli, go'zal yoki boshqa bir yutuqlari uchun emas, bola bo'lgani uchun tushunish kerak. Bir oylik, 1 yoshlik, hatto 25 yoshlik bola ham ota-onasi uni tushunishini istaydi. 

Bir eslang, 1 oylik bola yig'layotganda uni tushunib sut bersangiz, qanchalik xursand bo'ladi...har doim shunday. Faqat bola katta bo'lgan sari uning ehtiyojlari sutdan ko'ra ancha kattalashadi.

Shunda ota-ona unga huddi 1 oylikligidagidek ehtiyojini qondira olsa yoki buning iloji bo'lmay bolaga muammo mohiyatini uning holati va istagini tushungan holda tushuntira olsa, bu bolalik ehtiyoj va ota-onaning maqsadi bolani koyish emas balki to'g'ri yo'l ko'rsatish ekanligini anglasa, bolani jazolashga ehtiyoj qolmaydi. 

{xtypo_quote} Qishning sovuq kunida muzqaymoq so'rayotgan bolaga: "Aqling bormi sani, qishda kim muzqaymoq yeydi?" yoki "Mumkin emas, dedimmi demak mumkin emas", deyishdan ko'ra "Seni tushunyapman, muzqaymoq juda mazali bo'lgani uchun uni yegin kelyapti, kel yana ozgina kutaylik hech bo'lmasa bahor kelsa olib beraman", deb ko'ring. Natijada bola qanchalik sizga minnatdor bo'lganini, muzqaymoq yemaslik tog'ri ekanini tushunib yetganini shu zahoti his qila olasiz (Sizning holatingizdan kelib chiqib boshqa shunga o'xshash javob topishingiz mumkin. Muhimi bolaning ehtiyojini tushunganingizni unga ko'rsatish).{/xtypo_quote}

Bola hech qachon yomon bo'lmaydi, bolani tushuna olmay katta qilayotgan ota-ona yomon.  

Kitob do'koni