mumkin emas

Bolalar psixologiyasi

Bola dunyoni, atrofni ota-ona ko'zlari bilan anglaydi. Ota-onaga nima yomon bo'lsa, bola shuni yomon deb hisoblaydi. Ota-ona kimni xush ko'rsa, bola uchun u inson yaxshi bo'ladi. Bu holat bolani 10-12 yoshiga qadar davom etadi. Undan keyin bola o'zi xulosa qilishga o'rganishni boshlaydi. Shunday ekan, bolaning har bir harakati - bu ko'zgudagi sizning aksingiz.

Bola qo'pol gaplashmoqdami, o'zingiz qilayotgan muomalangizga nazar soling; bola ukasiga jahl qilsa, uni o'zini urushishni yo'qqa chiqaring, bola sizga jerkivattimi, turmush o'rtog'ingizga jerkiyotganingizda ehtiyot bo'ling.

Albatta oiladan tashqari bolaga bog'cha, maktab, do'st-dugonalar ham katta ta'sir ko'rsatadi. Lekin u uchun ota-ona eng birinchi taqlid misolidir. Shunday ekan, oilada siz o'zingiz bolangiz qanday bo'lishini istaganingizcha bo'la olsangiz, ya'ni u uchun eng yaxshi misol bo'lsangiz, unga tashqi muhitning ta'siri yuqishi qiyin bo'ladi.

{xtypo_quote}Bir eslab ko'ring, farzandingiz bilan mehmonga borganingizda u ayb ish qilib qo'ysa, unga jahl qilasiz, aslida siz o'zingizdan uyalasiz, o'zingiz farzandingizga yaxshi xulq misoli bo'la olmaganingizdan uyalasiz. Bola esa negadir aybdor?!{/xtypo_quote}

Bolani tarbiya qilishda eng muhim va eng ta'sirchan vosita bu misoldir. Siz bola uchun ibrat bo'la oling. Qizingiz muloyim bo'lishini istasangiz, u bilan, atrofdagilar bilan muloyim gaplashing; o'g'lingiz mehribon bo'lishini xohlasangiz, unga o'yinchoq emas, mehr va e'tibor ko'proq bering. Maktabga boradigan bola ovqatlanish odobini bilishini niyat qilsangiz, unga "To'g'ri ye, chappillatma, g'imirlama,"-deb hadeb befoyda o'qtiravermasdan, uning ko'ziga ko'rinarli qilib o'zingiz odobli ovqatlaning. Bola xursand bo'lib yurishini istasangiz, o'zingiz kulib yuring, bola o'ziga ishongan bo'lib voyaga yetishini maqsad qilsangiz, unga ishonch to'la ko'zlar bilan qarang. "Bunday o'qishing bilan sendan farroshdan boshqa hech kim chiqmaydi,"-desangiz aynan shunday bo'ladi. Bolaga ota-onaning unga bo'lgan munosabati hayotida eng asosiy ahamiyat kasb etadi.

Xuddi shunday salbiy yurish-turush ham bolaga ota-onadan o'tadi. Agar bolaga shokolad yeyishni man qilsangiz o'zingiz ham uni oldida shokolad yeb o'tirmang: koka-kola bolaga zarar ekanligini bilasiz, lekin o'zingiz uni oldida bemalol koka-kolani ichasiz. Bundan keyin unga man qilish bekor gap bo'lmaydimi? Bolaga man qilingan narsa uning oldida ota-ona tomonidan ham qilinmasligi kerak. "Biz kattamiz" degan gapni bola hali anglamaydi, shuning uchun uni shunchaki aldashayotganini his qiladi xolos.

Bolaga uyda qanchalik ko'p ijobiy "rasm"lar ko'rsatilsa, u shunchalik ijobiy bo'lib o'sadi va unga katta bo'lganida boshqalarning salbiy ta'siri yuqishi qiyin bo'ladi. Bolaning o'sayotgan ongi uyda ijobiy "rasm" lar (xulq, muomala, turmush, ovqatlanish tarzi, ota-onaning o'zaro munosabati...)ga to'ldirilib borilmasa, u o'z hayotini boshlayotganda ko'chada, do'stlarida, qo'shnida ko'rgan "rasm" lar bilan boshlaydi. Agar ular ijobiy bo'lsa, uning omadi, unday bo'lmasa-chi?

Ijobiy "rasm" deganda biz nimani tushunishimiz mumkin:

  • avallambor ota-onaning bolaga bo'lgan mehri, e'tirbori;
  • ota-onaning bir-biriga bo'lgan hurmat va e'tibori;
  • oilada kattalarga bo'lgan hurmat; chekish, ichish kabi salbiy holatlar bolaning ko'ziga ko'rinmasligi;
  • bolani urmaslik, so'kmaslik;
  • bolani hurmat qilish;
  • uyda bolaning ko'zi oldida koka-kola, pivo, shokolad, konfetlarni kattalar iste'mol qilinmasligi;
  • ovqatlanish odobi;
  • odob;
  • ma'suliyat;
  • hayvonlarga mehr;
  • nochorlarga yordam qo'lini cho'zish va hokazo.

Bu misollarni cheksiz keltirsa bo'ladi. Eng asosiysi bu tilda emas, ota-onalar amalida bo'lishi kerak. "Sen kattalarni hurmat qilishing kerak,"-deyishni o'rniga, o'zingiz kattalarni hurmatini joyiga qo'ying. "Chekish mumkin emas" deyish o'rniga bolani oldida chekmang.

Bola shunday ijobiy ko'mak bilan katta bo'lsa, u o'zi juda mehribon, muloyim va sizga yoqadigan bo'ladi. Uning tarbiyasi sizni xursand qiladi. Yaxshi va yomonning farqiga bora oladi. Chunki u bolaligidan "yaxshi" nima ekanligini biladi.

Yigirmaga kirgan bola sizga qo'pollik qilib, qo'l siltab, eshikni tarsillab ko'chaga chiqib ketayotgan bo'lsa, uning do'stlari yomon deyishga shoshilmang, u shunday do'stlarni topishiga sabab bo'lgan, siz bergan tarbiya noto'g'ri bo'lmaganmikan?

{xtypo_quote}Bolaligidan mehr va e'tiborda o'sgan bola ko'chada mehrni boshqa insonlarda yoki yomon narsalarda izlamaydi. Faqat ayrim ota-onalar mehr-e'tiborni qimmatbaho kiyimlar, o'yinchoqlar bilan adashtirib yuradilar.{/xtypo_quote}

Yana bir muhim maslahat. Bolani tarbiyasini urish va jazolash bilan to'g'irlashni maqsad qilsangiz, bu yo'ldan qayting, buning natijasi juda achinarli bo'ladi. Urish va jazoni siz bolaga kuchingiz jismonan yetguncha qila olasiz, vaqti kelib uning jismoniy kuchi ko'proq bo'lganda sizning gapingiz ta'sir qilmaydigan bo'lib qoladi. Yaxshi yo'l bilan tarbiyala olmayotgan bo'lsangiz, u holda o'zingizni o'zgartiring. Ota-ona bolasiga nima yetmayotganini o'zi xis qilishi kerak. Aynan shu yetishmovchilik bolani yomon xulqqa chaqiradi. Bolaga nima yetmashi mumkin? Faqat ota-onaning vaqti, mehri va e'tibori. Boshqa hech narsa unga bunchalik kerak emas. O'yinchoq, shirinlik, kiyim-kechak-bu barchasi o'sha uchta asosiy ehtiyojning o'rnini bosa olmaydi.

Bola qanday shaxs bo'lib yetishida ota-onaning tarbiyasi asosiy rol o'ynaydi. Ota-onaning maslahatlari bola hayotda qo'yadigan har bir qadamida o'z aksini topadi. Ota-onaning qanday so'zlari bolani shaxsiy hayotiga salbiy ta'sir ko'rsatadi, bolada o'ziga bo'lgan ishonchini sindiradi va hayotda mustaqil yetuk mas'uliyatli shaxs bo'lib yetishiga to'sqinlik qiladi?

Quyidagi gaplar yuqoridagi muammolarni keltirib chiqarishi mumkin:

  • Kuchli odamlar yig'lamaydi;
  • Faqat o'zing haqingda o'yla, hech kimni ayama;
  • Sening bu qilig'ing g'irt seni adang (oying)ga o'xshatadi;
  • Jinni;
  • Sen bo'lmaganing yaxshi edi;
  • Adang (oying)ga o'xshagan omadsiz bo'lib o'sasan;
  • Quloq solmasang kasal bo'lib qolasan;
  • Senga shuncha kuchimizni ayamadik, sen esa...;
  • Sening ishing bo'lmasin;
  • Seni Xudo jazolasin;
  • Ko'p yema, semiz bo'lsang seni hech kim sevmaydi;
  • Hech kimga ishonma, hamma aldoqchi;
  • Bunday qilsang, hech kim sen bilan do'st bo'lmaydi;
  • Doim shuni hammadan yomonroq bajarasan;
  • Ayollar erkaklarga qaraganda aqlsizroq bo'ladi;
  • Sen yomonsan;
  • Yaxshilikka ishonma, dunyo u qadar go'zal emas aslida.

{xtypo_quote}Yuqoridagi nasihatlarni asosan bo'sh, kuchsiz va hayotda o'z o'rnini topa olmagan ota-ona bolasiga singdiradi.{/xtypo_quote}

Bola baxtli va o'ziga ishongan bo'lib voyaga yetishini istasangiz quyidagi so'zlarni ayamang:

  • Senda yaxshi fazilatlar juda ko'p;
  • Yig'layver, yengil tortasan;
  • Qancha bersang, shuncha olasan;
  • Dadang (Oying) qanday ajoyib inson;
  • Sen bizning baxtimizsan;
  • Har bir inson o'z yo'lini o'zi tanlaydi;
  • Sen sog'lomsan;
  • Biz seni yaxshi ko'ramiz, tushunamiz;
  • Sening fikring biz uchun qiziq;
  • Xudoim seni yaxshi ko'radi;
  • Sen odamlarga qanday munosabatda bo'lsang, ular ham senga shunday munosabatda bo'ladilar;
  • Hamma xato qiladi, yana bir urunib ko'r;
  • Tozalikka rioya qilsang, sog'lom bo'lasan;
  • Hammasi o'z qo'limizda;
  • O'zingni sevishni bil, shunda boshqalar ham seni seva olishadi.
  • Sen ko'p narsaga qodirsan;
  • Rahmat;
  • Sensiz nima qilar edik;
  • Sen uchun xursandmiz;
  • Hayot go'zal.

Ayb, uyat va qo'rquv hissiyotlari hech qachon insonni baxtli qila olmaydi. Bolani yerga urib, uning ishi tanqid qilinaversa, bola ulg'ayib o'ziga ishonmagan va mas'uliyatsiz bo'lib yetishadi. Bolaga qo'l ko'tarish, uni kamsitish kuchsiz insonni o'stiradi. Ayrim vaziyatlarda bolaga tanqid yoki maslahatni o'rniga oddiygina mehr talab etiladi xolos. Mehringizni ayamang, u hech qachon ortiqchalik qilmaydi.

Har bir ota-ona farzandi baxtli bo'lishini istaydi. Lekin "baxtli bo'l" degani bilan hamma ham baxtli bo'la olmaydi. Bolani tabiiy ravishda baxtli bo'la olishiga nima yordam beradi?

Yangi tug'ilgan chaqaloq bu dunyoni onaning ko'zi bilan ko'radi. Dunyo yaxshiliklari-yu yomonliklari unga ota-ona uchun yahshi va yomon bo'lgan narsalarda ko'rinadi. Bolaga "Sening ko'zing chiroyli", deb ota-ona aytsa, "Chiroyli ko'z - bu mening ko'zim ekan," degan fikr bilan bola katta bo'ladi. Huddi shunday boshqa narsalarga ham bolaning munosabati - bu  ota-onaning munosabatidir.

Shunday ekan bolaga baxt so'zini qanday anglatish mumkin? Bola katta bo'lganida baxtli bo'lishni qaerdan o'rgansin?

Baxt bola uchun ota-onasining baxtidir. Bola yoshligidan boshlab qancha ko'p ota-onasini kulishi, bir-biriga mehrga to'la munosabati va hursandchiligini ko'rsa, shu baxt ekan, shunday yashash kerak degan fikr bilan ulg'ayadi.

Ota-onaning baxtli ko'rinishi, tabassumi bola uchun baxt ma'nosini anglatib beradi. "Hayotda baxt bor va unga erishish uchun ota-onamdek munosabat qurishim kerak", degan psixologik qarash bilan katta bo'ladi.

Lekin tez-tez janjallashib turadigan, ko'zlari mayus va hafa, ishi va hayotidan noliydigan ota-onani ko'rib o'sgan bola, katta bo'lganida huddi shunday tarzda yashashni o'z oilasiga va hayotiga olib boradi. Bu psixologik holat: bola o'z oilasiga ota-onaning munosabatlarini olib borishi.

Shunday ekan ota-onalar hech qachon farzandi oldida janjallashmaslikka, bir-birini haqorat qilmaslikka, behurmatlik ko'rsatmaslikka harakat qilishi kerak. Hatto orqadan turib bolaga eshittirib turmush o'rtog'i haqida yaxshi bo'lmagan gaplarni gapirish aslo mumkin emas.

{xtypo_quote}Bola uchun ota ham ona ham birdek aziz, bir-birini yomonlaganini yoki ranjitganini ko'rgan bola birinchi navbatda bunda o'zini ayblaydi. Natijada o'ziga bo'lgan hurmati va ishonchi sina boshlaydi.{/xtypo_quote}

Ota-ona farzandiga yaxshi bilim olish uchun imkoniyat, yaxshi sharoit va qimmatbaho o'yinchoqlarni sotib olishi mumkin, lekin baxt va xotirjamlik unda tabiiy ravishda bo'lishi kerak. Buning uchun esa bola yoshligidan ota-onasining "baxt"ini ko'rib yashashi kerak.

Bolaning ko'zlarida "baxt" - bu:

  • onaning kulib yurishi;
  • otaning asabiy bo'lmasligi;
  • ota-onaning bir-biriga mehr-muhabattining namoyon bo'lishi;
  • ota-ona bir-birini sog'inishi;
  • ota-ona bir-birini hurmat qilishi va hokazolar.

Bolaga baxtli bo'lgin deyishni qaytarishdan ko'ra, ota-ona bolaning ko'zlarida baxtli yashab kelishi maqsadga muvofiq bo'ladi. Shunda farzand ulg'ayib o'z oilasidan, ishidan, umuman hayotidan mamnun ekanligini ko'rish ota-onaning baxti va yutug'i bo'ladi.

Erlak va ayol munosabatlari, inson psixologiyasi, farzand tarbiyasiga oid kitoblari bilan dunyoga mashhur bo'lgan yozuvchi Jon Greyning fikricha, bolani tarbiya qilishda asosiy 5 tamoyilga tayanish kerak ekan. Shunda bola odobli, aqlli va eng muhimi baxtli bo'lib o'sar ekan.

Ushbu 5 tamoyil bir-biri bilan uzviy bog'liqdir. Ularni barchasini amalga oshirgan holda bolani tarbiyalsh juda katta ijobiy o'zgarishlarga olib kelar ekan.

1 - tamoyil

Boshqalardan farqli bo'lish - normal holat! Bola hech qachon boshqa bolaga o'xshashi kerak emas. Har bir bola o'zicha ajoyib va takrorlanmas ijobiy xususiyatlarga ega. Agar ota-ona bolasini boshqa bilan solishtirishni to'xtatsa, uning yutuq va kamchiliklarini boshqalarniki bilan taqqoslamasa, bolaning o'ziga bo'lgan ishonchi kuchli bo'lib, u yutuqlari yoki biron mehnati uchun emas, balki o'zi sevimli ekanligini anglab katta bo'ladi. Ota-ona esa solishtirishdan bosh tortsa, farzandining asl boyligini ko'ra oladi.

2 - tamoyil 

Xato qilish - normal holat! Inson xato qilsagina rivojlana oladi. Bola ham ulg'aygan sari xato qilishi yomon emas. Muhimi bu xatolarning takrorlanmasligidir. Agar bolaning qilgan xatosi ota-onani jahli chiqishiga olib kelsa, bola liderlik xususiyatlarini rivojlantira olmaydi. Biron ish qilishdan qo'rqib, o'ziga bo'lgan ishonchini yo'qotib boradi.

3 - tamoyil

Salbiy hissiyotlarni ko'rsatish - normal holat! Yig'lash, jahl qilish, asabiylashish, xafa bo'lish kabi salbiy hissiyotlar bola uchun o'z his-tuyg'ularini anglashni o'rganishi uchun kerak. Bu tuyg'ularni bosish kerak emas. Aksincha, ular yuzaga chiqqanda bolaga dalda bo'lib, uning muammolarini ota-ona tushunayotganini ko'rsata bilishi kerak.

4 - tamoyil

Yanada ko'proq istash - normal holat! Bola istagi ko'pligi bilan kattalardan ajralib turadi. Unga doim yanada ko'proq kerakdek tuyuladi. Bu istak bolada maqsadga intilish hissini kuchaytiradi. Bola ruhan kuchli bo'lishni o'rganadi. Bu degani har istagini bajarish shart emas, lekin bu istagni izhor etishini qo'llash kerak. Ota-ona hoxlagan payti bolaning isyaklariga rad javob berishi mumki, bu muammo emas. Muammo boladagi istak tuyg'usini yo'qqa chiqarish, uni bu istagi uchun uyaltirish yoki koyish.

5 - tamoyil

Ota-onaga qarshi "yo'q" deyish normal holat, LEKIN doim esingda tursin OTA-ONA boshliq! Bu tamoyilning asosida bolaning o'z noroziligini bildira olish imkoniyati yotadi. Bolaga ota-ona biron buyruq bersa, u shu zahoti qilishi qiyin. Ba'zida esa qarshilik ham ko'rsatadi. Shunda ota-ona bolaga jahl qilmay, uning qarshiligini tushunayotganini, LEKIN baribir etganini qilishi shart ekanligini tushuntira olishi kerak. Uning qarshiligini ota-ona tushunishi, unga yengillik beradi va qarshilik kuchi pasayadi. Agar noroziligini ko'rsata olmay ulg'aysa, katta bo'lgan sari bola ota-onadan uzoqlashib, sirlashmaydigan bo'lib qoladi.  

 

 

Kitob do'koni