Oilaviy psixolog maslahatlari

Oilaviy psixolog maslahatlari

Ota-ona ko'pincha bolasining jismoniy salomatligi uchun ko'p qayg'uradi-yu, lekin ruhiy salomatligi haqida o'ylamaydi. Bolaning ruxiy salomatligi-psixikasi o'ta nozik bo'lib, uning sinishi kelajakdagi ko'plab muammolarning yuzaga kelishiga sabab bo'lishi mumkin. Uzbaby.uz saytida bolaning ruhiy holati-psixologiyasiga oid savollarga oilaviy psixolog, shifokor-endokrinolog, bolalar psixologi - Abdullaeva Robiya Usmonjonovna o'z maslahatlarini beradilar.

 

1. Bolaning psixikasi necha yoshdan boshlab rivojlanadi?

Bolaning psixikasi homila bo'lgan ilk davridan boshlanib rivojlanadi.

2. Bolaning jismoniy salomatligi bilan psixikasi orasida qanday bog’liqlik bor?

Bolaning psixikasi qanchalik sog'lom bo'lsa, uning jismoniy holati ham shunchalik mukammal bo'ladi.

3. Bola psixikasini buzishning eng oson davri necha yoshiga to’g’ri keladi?

Bolaning ruhiy salomatligiga 5 yoshgacha nihoyatda ehtiyot bo'lish kerak. Bu davrgacha bo'lgan bolaning psixikasini buzish oson. Asorati esa butun umr davomida namoyon bo'ladi.

4. Bola ota-onaga umuman quloq solmasligini asosiy sababi nima?

  • Ortiqcha tarbiyalash;
  • Ko'p urushish va tanbeh berish;
  • Yoshiga nisbatan ko'proq talab qilish.

5. Bola dars qilishni istamasligini sababi nima?

Bolaga undan talab qilinayotgan narsa to'g'ri va aniq tushuntirilmayotgani.

6. Bolaning do’stlari kam bo’lib, o’ziga bekinishining sababi nima bo’lishi mumkin?

Muloqot qila olmasligi (uyda u bilan muloqot qilinmadyi);

Qo'rqoqlik (bola o'ziga ishonmaydi).

7. Bola o’z ko’rinishidan, uyidan yoki ota-onasidan uyalsa nima qilish kerak?

Bolaning ota va ayniqsa onasi psixolog bilan ishlashi kerak. Sababi noto'g'ri tarbiya va munosabat.

8. Bola bilan jinsiy madaniyat haqida qachon gaplashish kerak?

Jinsiy gigiyena haqida 2 yoshdan, jinsiy munosabatlar haqida o'smirlik davridan boshlab gaplashsa bo'ladi.

9. Uyda yaxshi yurib, birovlarning oldida bolaning injiqlik qilishining sababi va uni hal qilishi yo’li nima?

Odatda bunday bolalarga uyda ko'p narsa man etiladi. Shuning uchun ular o'z niyatlariga birovlarning oldida erisha oladilar. Uydagi munosabatni o'zgartirish talab etiladi.

10. O’g’il bolani tarbiya qilishda eng muhimi nima?

Otaga nisbatan hurmatni his ettirish.

11. Qiz bolani tarbiya qilishda eng muhimi nima?

Onasi va onasining hayoti unga namuna bo'la olishi.

12. Bola yomon so’zlarni ishlatsa, qanday yo’l tutish kerak?

Avallambor uyda unday so'zlarni ishlatishni yo'q qilish, agar ko'chada o'rganayotgan bo'lsa, so'z kuchi qanday ekanligi haqida unga tushunarli tilda aytib berish lozim.

13. Bola ota-onadan ruhan uzoqlashib ketayotgan bo’lsa, nima qilsa bo’ladi?

Aslida bu holat oilada ota-ona bir-biridan uzoqlashayotganidan dalolat beradi.

14. Qaysi 3 so’zni bolaga nisbatan ishlatish ASLO mumkin emas?

Haqorat!

15. Ikki farzandning bir-biri bilan urushishiga, ota-onasini rashq qilishiga qarshi nima qilsa bo’ladi?

Aslida sababsiz rashq bo'lmaydi, rashq qilayotgan bo'lsa, demak unga mehr yetmayapti.

16. Bolani urmaslik uchun nima qilsa bo’ladi?

Bolani urish - bu o'zini urish degani. Inson o'zidan qoniqishni o'rganishi kerak.

17. Bolada maktabda yoki bog’chada biron muammo bo’lib u yerga borishni istamasa, ota-ona qanday yo’l tutishi kerak?

Muammoni aniqlash va birinchi navbatda bolaga yordam berish.

18. Bola o’g’irlik qilgan bo’lsa (uydan pul olish, do’stini telefonini so’ramasdan olib kelish va hokazo), nima qilish kerak?

O'g'irlik bu ota-onaga ko'rsatilayotgan qarshilikdir. Bolaga ota-ona unga nisbatan qilayotgan tarbiya va munosabatda biron narsa juda yoqmayapti.

19. Bola ko’p aldaydigan bo’lsa, kim aybdor?

Bolani aldashga asosan ikki sabab undaydi: qo'rquv va o'ziga ishonmaslik.

20. Bolani baxtli qilib katta qilish uchun 3 asosiy yo’l?

Bunga bir yo'lning o'zi kifoya - ota-onaning baxtli bo'lishi.

21. Toshkentda bolalar psixologini qaerdan topsa bo’ladi? (bog’cha psixologidan tashqari)?

Respublika malaka oshirish institutidan, "Avloniy" markazidan va shahar malaka oshirish markazlaridan. 

22. Psixologdan haqiqatda foyda kelayotganini qanday bilsa bo’ladi?

Bola psixologga borishni boshlaganidan 1-2 oy o'tgach bolaning kutilayotgan tomonga o'zgarishi namoyon bo'lishi kerak.

23. Bolada jismoniy nuqsonlari bo’lsa, uni psixikasi sinmasligi uchun nima qilsa bo’ladi?

Ota-ona uni boshqa bolalaridan ajratmay, unga achinmasligi kerak.

24. Bolaga kun mobaynida aytish kerak bo’lgan 3 so’z?

1. Men seni sevaman;

2. Sen eng ajoyibsan;

3. Sen mening xursandchiligimsan.

Kitob do'koni