Bolalarning ko'z kasalliklari haqida

Bolalarning ko'z kasalliklari haqida

Bolalikdan ko'zni asrash muhim ahamiyat kasb etadi. Bolaning ko'zlarini asrlash va himoya qilish haqidagi Uzbaby.uz sayti savollariga Germaniyadagi ko'z shifoxonasi shifokori-okulist Samandarova Nilufar batafsil javob beradilar.

1. Bolaning ko’rish qobiliyati necha yoshdan 100% bo’ladi?

Ba'zi ma'lumotlarga ko'ra 6-7 yoshda bo'lsa, ba'zi tadqiqodlarga ko'rsa 10-11 yoshda ko'rish qobiliyati 100% bo'lishi ta'kidlanadi.

2. Maktab yoshigacha bo’lgan bola kuniga necha soat TV ko’rishi mumkin?

Ikki yoshgacha bo'lgan bolalarga televizor ko'rish umuman tavsiya etilmaydi, chunki bu yoshda televizor nafaqat ko'zga balki bolaning asab tizimiga ham salbiy ta'sir ko'rsatishi mumkin;

Uch-yetti yoshlik bolaga kuniga 40-50 daqiqa TV ko'rishi tavsiya etiladi;

3. Maktab yoshidagi bolalar kuniga necha soat TV ko’rishi ko'ziga zarar emas?

Yetti-o'n uch yoshlik bola kuniga 2 soat televizor ko'rishi zarar keltirmaydi (bunda bir o'tirishda ko'rish davomiyligi 1.5 soatdan oshmasligi lozim).

4. Rasm chiziqshda, yozish yoki o’qish jarayonida bolaning holati qanday bo’lishi kerak?

Bolaning rasm chizish, o'qishi jarayonida eng muhimi yorug'likdir. To'g'ri yo'naltirilgan yorug'lik bola ko'zini zo'riqishdan asraydi. Yorug'lik nurlari bolaning yuziga emas, balki uning yelka tomonidan o'qilayotgan jismga qaratilgan bo'lishi lozim.

Undan tashqari ko'z bilan ko'rilayotgan jism orasidagi masofani to'g'ri saqlash ham muhim hisoblanadi. Bu masofa 30smni tashkil etishi kerak. 

5. Bolada ko’z kasalliklarini profilaktika qilish maqsadida qaysi davr oralig'ida tekshiruvdan o'tishi kerak?

Ko'rish funksiyasi har xil davrda rivojlanadi. Shuning uchun bolaning ko'zlarini 6 oyligida, uch yoshida, 6-7 yoshida (maktabga borishdan oldin) va 18 yoshga to'lgunga qadar har 2 yilda tekshiruvdan o'tkazish lozim.

6. Toshkent shaharning qayerida bolani ko’zini tekshirtirsa bo’ladi?

Toshkent shahrida bolaning ko'zini tekshirish uchun maxsuslashgan davlat va xususiy klinikalarga, Pediatriya institutiga, Respublika ko'z shifoxonasiga, 5-shifoxonaga va boshqa ko'z bo'limlari mavjud bo'lgan shifoxonalarga murojaat qilish mumkin.

7. Bolaga ko’zoynakni qaerda olgan ma’qul? Xususiy yoki davlat do'konlaridami?

Xususiy va davlat do'konlarida.

8. Bolaning ko’zi tez tez qizarishi nimadan dalolat beradi?

  • Konyuktivit - ko'z shamollashi alomati;
  • Allergiya;
  • Quruqlik - odatda qish kunlarida namoyon bo'ladi.

9. Ko’zga foydali mahsulotlar?

Ko'z faoliyati uchun vitaminlar muhim rol o'ynaydi. Xususan, vitamin A va D. 

D vitamini dengiz balig'ida, jigar go'shtida, tuxum sarig'ida va tabiiy sariyog'da mavjud. A vitamini qaymoq, tuxumda bo'ladi. Undan tashqari provitamin A - karotin ham ko'z faoliyati uchun muhimdir. Karotin moddasi sabzi, bulg'or qalampiri, namatak, bargli karam, piyoz va o'rikda ko'p bo'ladi.

10. Bolaning ko'zini ortiqcha zo'riqishdan himoya qilish maqsadida qanday mashqlar qilsa bo'ladi?

  • Bolaning o'tirgan joyidan uzoqroqda joylashgan ikki jismga birin-ketin qarash. Mashqni bir necha bor qaytarish;
  • Ko'zni 20 marta yopib-ochish;
  • Yuqoriga va tezda pastga qarash (5-6 marta qaytarish);
  • Yarim daqiqa davomida ko'zni yumib olish;
  • 20 marta ko'zni ochib-yopib, keyin uzoqqa 2 daqiqa davomida qarab turish.

11. 3D formatining ko’zga zarari bormi?

Hozirgi kunda 3D formatdagi videoning ko'zga bo'lgan ta'siri haqida uzoq muddatli tadqiqodlar mavjud emas. Shuning uchun 3 yoshgacha bo'lgan bolalarga 3D formatini umuman ko'rmaslik tavsiya etiladi. Uch yoshdan katta bolalarda 3D formatidan so'ng bosh og'rishi, aylanishi yoki boshqa salbiy holatlar kuzatilsa, ko'zga zo'riqish bo'layotganidan dalolat beradi. Hech qanday salbiy holat ko'zatilmagan taqdirda ham 3D formatidagi videolarni ko'pi bilan 2-3 oyda 1 marta ko'rish maqsadga muvofiq bo'ladi.

12. Kompyuterning ko’zga zarari qanday?

Hozirgi kunda ko'zga zarba berish darajasi past kompyuter ekranlari mavjud. Shunga qaramay uzoq vaqt kompyuterga tikilib o'tish natijasida bolaning ko'z mushaklarining zo'riqishi yuzaga keladi.  Bola kompyuterda o'tirganda uning ko'zi bilan ekran orasidagi masofa 1 metrdan kam bo'lmasligi va bir o'tirishda ko'pi bilan 1 soat davomida bo'lish tavsiya etiladi. 

 

Kitob do'koni