maktab

Maktabga birinchi sinfga borish

Bola ilk bora maktabga borayotganida juda xursand bo'ladi. Qanday qilib u maktabdan ranjib qolmasligini ta'minlash mumkin?

Quyidagi bir qator maslahatlar bola borib-borib maktabdan ranjib ketmasligiga yordam beradi:

1. Bola bilan uy ishini qilmang. Eslatib turing, so'rasa yordam bering, lekin birga o'tirib qildirmang. Bu unda ma'suliyatsizlikni rivojlantiradi. Sabr qiling. Bog'chadan so'ng birdaniga maktab qoidalariga o'rganib olish oson emas. Sekin-sekin uy ishini qilishga undang. O'zi qilib kelganida juda ham maqtang va mukofotlang. Uy ishi qilishdan zavq olsin.

2. Bolaning baholariga ahamiyat beravermang. Baho muhim emas. Muhimi bola maktabni, bilim olishni sevib qolishi. Bilim olishga intilgan bola esa ertami-kech albatta yaxshi baholarni olib keladi. Sevmay, ota-onasidan qo'rqib turib "5" baho olgan bola "yahshi lavozimlarni egallaydi yoki omadli bo'ladi", desangiz adashasiz. Bunday bolalar hayotda qo'rqoq bo'lib yashaydi. Har bir ishni birovni turtkisi bilan amalga oshirishga o'rganib qoladi.
3. Maktab haqida aytib bergan har bir gapiga e'tibor bilan quloq soling. Bu uning kichik boshidagi dardi. Sizga oddiy hol bo'lgani bilan bola uchun bu katta muammo bo'lishi mumkin. Uning maktab haqidagi gaplariga ahamiyatsiz bo'lsangiz, keyinchalik siz bilan bo'lishmay qoladi. Katta bo'lgan sari esa jiddiy muammolar yuz berganida ichida ushlab siqilib yuradi. Dardini sizga ishona olsin.

4. Hech qachon bolani oldida maktabini yoki maktab o'qituvchilarini yomonlamang. Bola buni qulog'iga quyib oladi va keyinchalik unga biron narsa uqtirganingizda sizning gaplaringizni esga oladi. 

5. Bolaning huquqlarini hurmat qiling. Dars qilishi kerak albatta, lekin o'yinga ham vaqti bo'lishini ta'minlab bering. 

6. Bola dars qilayotganida, u istagan tarzda qilsin. "Biz yoshligimizda shunday qilar edik," deb o'zingiznikini uqtirmang. Bolangiz hozirgi zamonda yashamoqda, sizning kichikligingiz davrida emas. 

7. Bolani yomon baho olib kelsa, uyaltirmang. Yoshligida ko'p uyaltirilgan bola katta bo'lganida psixologik muammolarga duch keladi. Yomon baho uchun, masalan muzqaymoqdan yoki unga va'da qilingan mahrum qilsangiz bo'ladi. Lekin keyingi safar albatta yaxshi baho olishiga ishonishingizni unga bildiring. 

8. "Yaxshi baho olmasang, mendan ko'rasan!", kabi qo'rqitishlar ijobiy natijaga olib kelmaydi. Bola o'z intilishi bilan yaxshi baho olishi kerak. Qo'rqitish ota-ona uchun eng oson yo'l. Bolangiz o'qiy olmaganiga jahlingiz chiqmasin, undan ko'ra siz bolangizni o'qishga qiziqtira olmayotganingiz haqida qayg'uring.

9. Bolani sinfdoshlari bilan solishtirmang. Bola uchun eng yomoni, uning do'sti ota-onasiga undan ko'ra ko'proq yoqishidir. Bundan u do'stiga o'xshashga intilmaydi, aksincha, alamidan va rashkidan battar qila boshlaydi.

10. Birinchi sinf o'quvchisi psixikasi juda zaif bo'ladi. Yangi dargoh, yangi o'qituvchi, yangi bolalar, yangi sharoit va odatlar. Ularga ko'nikish unga oson emas. Shu davrda ota-onaning mehri unga eng kerakli narsadir.

Issiq yoz kunlari yakunlanishi arafasida maktab yoshidagi farzandi bor ota-onalarning maktab bozorlariga chopishi boshlanadi. Nima olish kerak? Necha pul? Qancha?

O'zbekiston hududida deyarli barcha bozorlarda "Maktab bozori" o'z faoliyatini boshlaydi. U yerda bolaga kerakli barcha kanselyariya mahsulotlarini sotib olish mumkin. Kiyim, poyafzal, sport kiyimi, ryukzak va sumkalar uchun boshqa bozorlarga  ham borsa bo'ladi. Barchasi avgust oyida maktabga kerakli mollar bilan to'lib ketadi.

Quyidagi kichik maslahatlar ota-onalarga maktabga bozor qilishda yordam beradi.

1. Maktabga chiqadigan farzandlaringiz 2 va undan ko'p bo'lsa, kanselyariya mollarini "Solnechniy" bozorida sotib olganingiz ma'qul. U yerda narxlar Toshkent ichidagi bozor narxlaridan pastroq bo'lib, tanlash imkoniyati juda katta.

2. Yaxshilab hisob-kitob qilib kelasi o'quv yili uchun kerakli barcha narsalarni biratolasin avgust oyida sotib olish lozim. Birinchidan, umumiy hisoblaganda bu arzonroqqa tushadi, ikkinchidan o'quv yili mobaynida biron narsa kerak bo'lib qolsa, izlab yurmaysiz.

3. Kanselyariya mollari go'zal bo'lishi shart emas, muhimi qulay va sifatli bo'lishidir. Farzandingiz daftarni ustidagi rasmga qarab tanlayotgan bo'lsa, siz ichidagi varaqlar sifatiga, oqligiga va narxiga qarab tanlashingiz kerak. Bola dars mobaynida rasmga alaqsimaydi va sifatli daftarda yozish o'ziga yengillik keltiradi.

{xtypo_quote}Spidermen chizilgan varaqlari sarg'ish daftardan ko'ra, varaqlari oppoq va sifatli bo'lgan rasmsiz daftar afzalroq.{/xtypo_quote}

4. Qalam, ruchkalarni ortig'i bilan sotib olgan ma'qul. Ularning yo'qolishi, almashib qolishi va sinishi tez uchraydigan holatdir. Ko'rinishi bejirim bo'lib, yuqori sifatli bo'lishi kerak. 

5. Ryukzak va sumkalar bolaning umurtqasiga og'irlik keltirmaydigan, to'g'ri shaklga ega bo'lgan bo'lishi kerak. Kattalarni sumkasi emas, maktab yoshidagi bolalarga mo'ljallangan maxsus ryukzak yoki sumka bo'lishi lozim. Yil mobaynida bola uni og'ir qilib o'z yelkalarida ko'tarib yurishini unutmang.

6. Penal juda jozibador, bir nechta funksiyaga ega bo'lishi shart emas. Bola dars mobaynida hadeb penalini o'ynashga talpinvuradi.

{xtypo_quote}Maktab davrida bolaning salomatligiga keltirilgan ziyon uzoq davrda namoyon bo'lib qoladi.{/xtypo_quote} 

7. Oyoq kiyimga alohida e'tiborli bo'lish kerak. Maktab yoshidagi bolalarning oyoqlari noto'g'ri poyafzal tufayli oson deformatsiyalashadi, undan tashqari sirpanchiq yoki sifatsiz oyoq kiyimi bolaning yiqilishiga ham olib kelishi mumkin. Shuning uchun oyoq kiyimini yaxshisini olishga harakat qiling. "Buddy dog" yoki "Persey" brendlari - sayt tavsiyasi (Toshkentdagi barcha supermarketlarda mavjud).

8. Hozirgi kunda bozolarda minglab maktab kiyimlari sotuvda mavjud. Kiyim tanlayotganingizda birinchi bo'lib uning matosiga nazar soling. Paxtadan tayyorlangan, sintetik bo'lmagan kiyim olish talab etiladi. Maktabda chopib yurganda sintetik kiyimlar bola teriga va umumiy salomatligiga salbiy ta'sir ko'rsatadi.

9. Jismoniy tarbiya darsi uchun maxsus sport kiyimini olish kerak. Tufli yoki maktab shimida bola jismonan o'zini noqulay his qiladi. Yumshoq matolardan tayyorlangan sport kiyimi yil mobaynida jismoniy tarbiya bilan to'liqligicha shug'ullanishga yordam beradi.

10. Sport oyoq kiyimi. Ba'zida ota-onalar alohida dars uchun, alohida jismoniy tarbiya uchun poyafzal olib berishni o'rniga, bitta sportsimon poyafzal olib beradilar. Qimmatlik qilsa ham, alohida olib bergan ma'qul. O'sayotgan bola organizmi uchun sport juda kerakdir. Sport bilan shug'ullanishga unda qulay kiyim va poyafzal bo'lmasa, jismoniy tarbiyaning foydasi kam bo'ladi. Yaxshi havo o'tkazadigan krossovka bolaga yil mobaynida sog'lom jismoniy tarbiya bilan shug'ullanishida as qotadi. Shu o'rinda, dars payti ham doim sport kiyimda yurish noo'rin. Chunki krossovkadagi issiqlik almashinuvi o'zgacha, unda bolaning oyog'i ko'p terlaydi, ular aynan sport bilan shug'ullanishga mo'ljallangandir. Shuning uchun jismoniy tarbiya bilan shug'ullanmagan payt uchun charm poyafzalini alohida sotib olish lozim.

Bolaning maktab davri uning salomatligida muhim rol o'ynaydi. Ko'zi, umurtqasi, oyoqlari, qo'l-barmoqlari aynan shu davrda rivojlanishi yoki aksincha faoliyati buzilishi mumkin. Biroz izlanib, qiynalib, go'zallikdan, modadan ortda bo'lsa ham, sifatli mollarni olib berishga harakat qiling.  

Kitob do'koni