solishtirish

Ota-ona va farzand munosabatlari

Psixologlarning fikricha, bola tarbiyasida bunday qilish mumkin emas ekan. Qanday desangiz, solishtirish.

{xtypo_quote_left}Hech qachon bolani boshqa bola bilan umuman boshqalar bilan solishtrimaslik kerak.{/xtypo_quote_left}

Qo'shnini bolasi ingliz tili o'rganayotgani uchun farzandini ingliz to'garagiga berish, jiyani a'lo baholarga o'qayotganini o'g'liga har doim namuna qilish, sinfdoshi yaxshi natijalarga erishganini ko'rib farzandidan ranjish - ko'pchilik ota-onaga tanish holat bo'lsa kerak. 

Aslida aynan solishtirish yaxshi tarbiyaga to'sqinlik qilar ekan.

Birinchidan, bolani hadeb solishtiraverib uning haqiqiy qadr-qimmatini ko'rmay qolasiz. Qo'shni bolasining matematika bo'yicha a'lo baholarini quvish natijasida o'z farzandingizda aslida mavjud bo'lgan chizish qobiliyatini so'ndirib qo'yasiz. O'z bolangizni o'ylang, uning o'zining yutuqlaridan zavqlaning, birovdan oshgani uchun emas, o'zi ajoyib bo'lgani uchun.

Ikkinchidan, bolani birov bilan solishtirganingizda uning yutuqlari yutuqdek emas, balki o'sha qo'shni bolasining baholariga erishilgan natijadek qaraladi. Agar solishtirish bo'lmaganda bolaning natijalari o'zining katta yutug'idek qabul qilinar edi. Masalan, ma'lum bir fandan sinfdoshi 78 ballga ega. Bolangiz o'sha sinfdoshiga yetishni maqsad qilib, 78 ball olsa...uni dildan maqtay olmaysiz. Faqatgina sinfdoshi natijasiga erishganligini ta'kidlaysiz. Bunda qahramon sizning farzandingiz emas, balki o'sha sinfdoshi bo'ladi.

Uchinchidan, solishtirishni eshitavergan bola, o'zining siz uchun qimmati yo'q ekanligiga ishonib boradi. "Mening yutuqlarim, mening birovga o'xshashim yoki mening undan oshib ketishimgina ota-onamni xursand qila oladi, men emas", degan fikrga keladi. Bu fikr bolalikda shakllansa, keyinchalik hayot davomida inson o'zining qadr-qimmati haqida past, yomon fikrga ega bo'lishiga olib keladi. Natijada katta bo'lganda biron maqsadga erishishda, sevib-sevilishda muammolarga duch keadi.

Ota-ona bolani o'zini sevadi. Lekin bola shunday sevgini his etishi lozim. "Qara anu bolalar jim o'tirishini, sen esa qanaqa topolonchisan", "Nega sen palonchiga o'xshab 5 baho olib kelmaysan", "Qachon qo'shnimiz bolasiga o'xshab medal olib kelasan" va hokazo va hokazo. Bu gaplar bolani qulog'iga kirib dilini yaralaydi.
Bolani o'zini seving, bolaning o'zining yutuqlaridan quvoning, bola hech kimga o'xshamasdan aynan o'zining xarakter va qobiliyatiga ega ekanligidan quvonishni biling. Shunda u sevimli ekanligigni, qanday baho olishidan qat'iy nazar uni ota-onasi yaxshi ko'rishiga ishonadi. Psixologlar ishontirib aytadilarki, bunday tarbiya ko'rgan bola bugun bo'lmasa, ertaga albatta sizning ishonchingizni oqlaydi. O'zi, o'z hoxishi bilan, o'zining qobiliyatidan kelib chiqqan holda, lekin bu oqlash dildan va baxtli qalb egasidan chiqadi.

Ayol va erkak farzandli bo'lgani bilan, yaxshi ota-ona bo'la olmasligi mumkin. Siz yaxshi ota-onamisiz?

Avallambor sizni tabriklaymiz, ushbu maqolani o'qishni boshladingizmi, demak siz yaxshi ota-onasiz, ja bo'lmasa yaxshi ota-ona bo'lishni istaydigan va bunday bo'lishga harakat qilayotganlardansiz.

Bundan tashqari esa quyidagi izohlarni o'qib o'zingizga baho berishingiz mumkin.

1. Siz farzandlaringizni ajratmaysiz. Har biriga bo'lgan muomilangiz, e'tiboringiz, mehringiz bir hilda.

2. Siz farzandlaringiz bilan suhbatlashasiz. Bu yerda "Keldingmi, choyingni ichib ol", kabi gaplar emas, balki haqiqiy bafurja suhbat nazarda tutilmoqda. Bolaning o'qishidagi, bog'chasidagi bo'lgan voqealarini aytib berishini maroq bilan eshitish, uning hissiyotlariga quloq tutish, o'ziga yarasha dardiga malham bo'lish.

3. Butun kuningiz bolaga ish buyurish bilan o'tmaydi. Bolaning o'ziga ajratadigan vaqtini hurmat qilasiz.

4. Bolaning nuqtai nazarini eshitasiz va uni tushunmay olsangiz ham hurmat qilasiz.

5. Bolaning oldida qarindoshlarni ham, birovlarni ham yomonlamaysiz, haqoratlamaysiz.

6. Bolani urmaysiz.

7. Bolaning qiziqishlarini qo'llaysiz.

8. Aytgan o'yinchog'i uchun do'konga chopmay, o'rniga u bilan suhbat qurib uni o'rniga boshqa narsa olish afzalroq ekanligini tushuntira olasiz va u sizni tushunadi.

9. Bolangiz sizning dugonangiz yoki qarindoshingiz bilan suhbatilarga aralashsa unga tanbeh bermay, kutib turishini tushuntirasiz. Yoki boshqalarni chetga surib qo'yib unga bir zum quloq tutasiz. 

10. Bola injiqlik, qo'pollik qilayotgan bo'lsa, uni urshmay, sababini bilishni istaysiz.

Ushbu izohlarga qarashingiz ijobiy bo'lsa, siz yaxshi onasiz desak mubolag'a bo'lmaydi. 

Undan tashqari yaxshi ona bo'lishning eng oson yo'li, bolani yoshidan qat'iy nazar kunda bir necha bor quchoqlash ekanligini unutmang!

Ota-ona bo'lish oson, lekin yaxshi ota-ona bo'lish hammaning ham qo'lidan kelavermaydi. Quyidagi kichik maslahatlar yaxshi ota-ona bo'lish sari yetaklaydi.

1. Asabiylashmang. Siz qanchalik muloyim va sokin bo'lsangiz, bolangiz ham shunchalik osuda bo'lib o'sadi.

2. Aldamang. "Ovqat yesang, buvingnikiga olib boraman!", dedingizmi, olib boring yoki unday va'da bermang. bolaga berilgan va'dani ustida turish muhim. Shunda u sizga ishonadi va talablaringizni oson bajara oladi.

3. Urmang. Bolani urishdan yomoni yo'q. Urmay turib ham jazolash mumkin, urmay turib ham ota-ona o'z gapini o'tkazishi mumkin. Urish darajasiga bordingizmi, demak ayb sizda.

4. Har narsani man qilavermang. "U mumkin emas, bu mumkin emas, "Uni qilma, buni qilma", kabi gaplarni eshitavergan bola bora-bora bu gaplarga e'tiborsiz bo'lib qoladi. O'zingiz uchun ajratib oling. Haqiqattan mumkin bo'lmagan narsalar bilan sizga shunchaki noqulaylik keltiruvchi narsalarni. Masalan mashina yo'lga chiqish haqiqattan man qilinishi shart bo'lgan narsa. Qumda yangi kiyimda o'ynashi esa bu shunchaki sizga noqulaylik keltiruvchi narsa. Haqiqattan mumkin bo'lmagan narsalarga yo'l qo'ymang. Sizga noqulaylik keltiradigan narsalarga bo'lgan munosabatingizni o'zgartiring.

5. Yomon namuna bo'lmang. O'zingiz xunuk so'zlarni ishlata turib bolangizga "Xunuk gapirma!" deya olmaysiz. Xuddi shunday kuni bilan televizor yonida bo'lmsagiz, bola ham dars qilmay televizordan keta olmaganiga hayron bo'lmang. O'zgarishni o'zingizdan boshlang.

6. Aybingizni tan olishni biling. Biron ishda xato qilib qo'ysangiz bolangiz oldida uni tan olishga odatlaning. Bundan bola xato qilishdan qo'rqib yashamay, xatoni qanday qilib takrorlamaslikni o'rgansin. 

7. Bolani erka qilishdan qo'rqmang. Yetti yoshgacha erka bo'lgan bola hayotda katta yutuqlarga erishadi. Faqat erkaligi yangi o'yinchoqlar bilan emas, sizning mehringiz bilan qoplansin. 

8. Kechirim so'rashni biling. Siz ham nohaq bo'lishingiz mumkin. Boladan kechirim so'rashdan qo'rqmang. Bundan u mehrliroq va sabrliroq bo'lishni o'rganadi.

9. Quchoqlang! Bolani ko'proq quchoqlab o'pishga odatlaning. Bola bunga ruhan ham jismonan zor bo'ladi.

10. Sabrli bo'ling. Bolaga ota-onaning jahli chiqishining eng asosiy sababi sabrsizlikdir. Bolaning qiliqlariga, ishiga, o'qishiga, yurish-turishiga ozgina sabr bilan yondashsangiz, u sizni faqat suyuntirayotganini his qilasiz. 

 

Kitob do'koni